«Maktab va hayot» ilmiy-metodik jurnali

 «Maktab va hayot» ilmiy-metodik jurnali 2001 yildan nashr qilina boshlagan. Jurnalning bir yilda 8ta soni nashr etilib, maqolalar o’zbek va rus tillarida chop etiladi. Jurnal OAK Rayosatining 2013 yil 30 dekabrdagi 201/3-sonli qarori bilan fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlarning dissertatsiya ishlari ilmiy natijalari yuzasidan ilmiy maqolalar e’lon qilinishi lozim bo’lgan Respublika ilmiy jurnallari ro’yxatiga kiritilgan.

Jurnalda (ilovasi bilan) turli ilmiy-metodik, didaktik, me’yoriy hamda axborot materiallari quyidagi ruknlarda nashr etiladi:

– Kasb-hunarga yo’naltirish nazariyasi va amaliyoti;

– Umumta’lim maktablarida psixologik xizmat

-Amaliy psixologiya;

– Defektologiya va tibbiy xizmat;

 – Inklyuziv ta’lim;

– Axborot texnologiyalari;

– Mehnat ta’limi;

– Oila psixologiyasi;

– Sog’lom avlod uchun;

– Ota-onalar maktabi;

Kasb-hunarga yo’naltirish, psixologik-pedagogik, defektologik va tibbiy xizmat yo’nalishlaridagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari mavzularidagi maqolalar, o’quv-metodik tavsiya va yo’riqnomalarni yoritib borish “Maktab va hayot” jurnalining asosiy faoliyatidir. Jumladan, psixologik xizmatning asosiy yo’nalishlari bo’lgan psixologik ma’rifat, psixologik diagnostika, psixologik korrektsiya, psixologik maslahat, psixologik profilaktika va kasb-hunarga yo’naltirish masalalariga katta e’tibor qaratilgan. Hozirgi kunda psixologiya fani nafaqat nazariy, insonni o’rganuvchi fan bo’lmasdan balki, amaliy ahamiyatga ega bo’lgan fan bo’lib, pedagoglarga, rahbarlarga, shifokorlarga, murabbiylarga va boshqa insonlar bilan ishlovchi mutaxassislarga ularning amaliy faoliyatlarida nihoyatda zarur bo’lgan ma’lumotlarni beruvchi fan hamdir. Jurnalning “Amaliy psixologiya”, “Oila psixologiyasi”, “Sog’lom avlod uchun” “Umumta’lim maktablarida psixologik xizmat” ruknlarida maktab amaliyotchi psixologlari uchun o’z ish faoliyatlari davomida o’quvchilarning psixik taraqqiyoti va shaxs rivojlanishidagi sifat o’zgarishlari, ularning yosh va individual xususiyatlari, aqliy imkoniyat, qobiliyat va qiziqishlarini o’rganish, jamoada mo’’tadil psixologik muhitni yaratish, pedagogik ziddiyatlarning oldini olish va bartaraf etish, eng muhimi har bir o’quvchining o’ziga xosligi asosida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, uning intellektual rivojlanishini o’rganish borasida ota-onalar, pedagoglar, jamoatchilik bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish masalalari yoritib boriladi.

Ta’lim-tarbiyada alohida yordamga muhtoj bolalar kategoriyasi ham mavjud bo’lib, bunday bolalar bilan ishlash o’ziga xos muammolarga ega. Jurnalning “Defektologiya”, “Inklyuziv ta’lim” rukni ostida nashr etiladigan maqola va materiallar maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablari logoped va defektologlari uchun amaliy ahamiyatga ega bo’lib, nutqida va rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalarning rivojlanishi, ularning psixologik xususiyatlari masalalariga bag’ishlanadi.

Shu bilan birga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-1875-sonli qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda bolalarni erta yoshdan chet tillarga o’rgatishda ularning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini inobatga olish zarurligi to’g’risidagi amaliy tavsiyalarni o’z ichiga qamrab olgan maqolalar ham chop etilmoqda.

Jurnalning har bir sonida pedagogika, psixologiya, kasb ta’limi, mehnat ta’limi yo’nalishida faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, ilmiy-tekshirish institutlari xodimlari bilan bir qatorda ta’limning turli bosqichlarida faoliyat ko’rsatayotgan amaliyotchi psixologlar, defektologlar, kasbga yo’naltiruvchi pedagoglarning ilmiy-metodik va ilg’or ish tajribalarini aks ettiruvchi maqolalar berib boriladi.

Jurnal har bir sonining dizayni turlicha bo’lishiga katta ahamiyat beriladi. O’zbekiston Respublikasi OAK Rayosatining 2013 yil 13 apreldagi 197/3-sonli qarorining 2-ilovasiga muvofiq ilmiy-metodik maqola quyidagi talablarga javob berishi kerak:

–   maqola hajmi 4 varaqdan kam bo’lmasligi (Times New Roman 14 kattalikdagi shriftida, 1 interval oraliq bilan);

–   foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati keltirilishi;

–   o’zbek, rus va ingliz tillarida qisqacha annotatsiyaning mavjudligi, tayanch so’z va iboralar berilganligi.

–   Fan doktori yoki fan nomzodi tomonidan TAQRIZ yozilib, imzo va muhr bosilgan holda maqolaga ilova sifatida berilishi  lozim.

Jurnalning har bir sonidagi maqola va metodik qo’llanmalar nazariy ma’lumotga boy bo’lishi bilan birga amaliy ahamiyatga ega bo’lishiga e’tibor beriladi. Jurnalning keng jamoatchilikka yetib borishining nazoratini qilish maqsadida tahririyat Matbuot tarqatuvchi aktsiadorlik kompaniyasi bilan ish olib boradi.

Jurnalning elektron pochta manzili: maktabvahayot@sarkor.uz.

Bizning manzil

Toshkent shahar,
Yakkasaroy tumani,
Qushbegi mavzesi, 16-A-Uy
Indeks: 100022
Tel.: (+99871) 250-35-80
Fax.: (+99871) 250-93-73
E-mail: tashxis_markazi@xtv.uz

Markaz rekvizitlari

L/S:400110860262877950100075001
INN: 203830036
OKONX: 92200
Moliya vazirligi g`aznachiligi
R/S: 23402000300100001010
Toshkent shahri Markaziy banki
Toshkent shahri XKKM
MFO: 0014
INN: 201122919

Ko’rsatkichlar

Back to Top

loading