Kadrlar tayyorlash milliy dasturi

(O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 11-12-son, 295-modda; O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2007 y., 15-son, 150-modda)

UMUMIY QOIDALAR

O’zbekiston Respublikasi inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini, jamiyatning ma’naviy yangilanishini, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishni, jahon hamjamiyatiga qo’shilishni ta’minlaydigan demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurmoqda.

Inson, uning har tomonlama uyg’un kamol topishi va farovonligi, shaxs manfaatlarini ro’yobga chiqarishning sharoitlarini va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, eskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o’zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir. Xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O’zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi «Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan bo’lib, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo’ljalni to’g’ri ola bilish mahoratiga ega bo’lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo’naltirilgandir.

Dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro’yobga chiqarishni, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o’zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik va boshqa tarzdagi sharoitlarni yaratishni, jamiyat, davlat va oila oldida o’z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni nazarda tutadi.

1. MUAMMOLAR VA KADRLAR TAYYORLASH TIZIMINI TUBDAN ISLOH QILISH OMILLARI

1.1. RIVOJLANISHNING ERISHILGAN DARAJASI

O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning o’ziga xos yo’lini tanlashi kadrlar tayyorlash tuzilmasi va mazmunini qayta tashkil etishni zarur qilib qo’ydi va qator chora-tadbirlar ko’rishni: «Ta’lim to’g’risida»gi Qonunni joriy etishni (1992 yil); yangi o’quv rejalari, dasturlari, darsliklarini joriy etishni, zamonaviy didaktik ta’minotni ishlab chiqishni; o’quv yurtlarini attestatsiyadan o’tkazishni va akkreditatsiyalashni, yangi tipdagi ta’lim muassasalarini tashkil etishni taqozo etdi.

Maktabgacha ta’lim sohasida uylarda tashkil etiladigan bolalar bog’chalari hamda «bolalar bog’chasi-maktab» majmui tarmog’i rivojlanib bormoqda. Bolalarga chet tillarni, xoreografiya, tasviriy va musiqa san’ati, kompьyuter savodxonligi asoslarini o’rgatuvchi 800 dan ortiq guruh tashkil etilgan.

Yangi tipdagi maktablar va umumta’lim o’quv yurtlari tarmog’i rivojlanib bormoqda. Hozirgi kunda 238 litsey va 136 gimnaziya ishlab turibdi. «Sog’lom avlod uchun», «Ma’naviyat va ma’rifat», «Iqtisodiy ta’lim», «Qishloq maktabi», «Rivojlanishda nuqsoni bo’lgan bolalarni tiklash» va boshqa tarmoq dasturlari ro’yobga chiqarilmoqda. Respublika umumta’lim maktablarida 435 mingdan ortiq o’qituvchi ishlamoqda, ularning 73 foizi oliy ma’lumotlidir.

Mehnat bozorini, eng avvalo qishloq joylarda mehnat bozorini shakllantirishning hududiy xususiyatlarini hisobga olgan holda hunar-texnika ta’limini qayta tashkil etishga kirishildi. Hozirgi kunda bu tizimda jami 221 ming kishini ta’lim bilan qamrab olgan 442 o’quv yurti, shu jumladan, 209 kasb-hunar maktabi, 180 kasb-hunar litseyi va 53 biznes-maktab ishlab turibdi. Bugungi kunda boshlang’ich kasb-hunar ta’limi o’quv yurtlarida qariyb 20 ming o’qituvchi va malakali mutaxassislar ishlamoqda.

Respublikada jami 197 ming kishi ta’lim olayotgan 258 o’rta kasb-hunar ta’limi o’quv yurti ishlab turibdi. Ularda qariyb 16 ming o’qituvchi va muhandis-pedagog xodimlar mehnat qilmoqda.

O’zbekiston oliy maktabi tizimi 58 oliy o’quv yurtini, shu jumladan 16 universitet va 42 institutni o’z ichiga oladi, ularda 164 ming talaba ta’lim olmoqda; 16 universitetning o’n ikkitasi O’zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki ikki yilda tashkil topdi. Oliy o’quv yurtlarida ishlayotgan 18,5 ming o’qituvchining 52 foizi fan doktori va fan nomzodlaridir. Oliy ta’limda kadrlar tayyorlashni markazlashtirishdan huquqiy yo’nalishga o’tkazish ishi olib borilmoqda, o’quv yurtlarining tarmog’i kengaymoqda, universitet ta’limi rivojlanmoqda. Bilimlarning yangi tarmoqlari bo’yicha kadrlar tayyorlash boshlab yuborildi, oliy maktabni ko’p bosqichli tizimga o’tkazish amalga oshirilmoqda. Abiturientlar va talabalarning bilim darajasini test va reyting asosida baholashning ilg’or usullari joriy etilmoqda.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar sifatiga oshgan talablarga muvofiq aspirantura va doktoranturada kadrlar tayyorlash ishi kengaymoqda. Oliy attestatsiya komissiyasi tashkil etildi. Respublikada qariyb 4 ming aspirant bo’lib, ulardan 69 foizi oliy ta’lim tizimida va 31 foizi ilmiy-tadqiqot institutlarida ta’lim olmoqda. Jami ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning 8 foizini fan doktorlari va 37 foizini fan nomzodlari tashkil etadi.

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimida 23 institut, 16 fakulьtet, 4 markaz va 14 malaka oshirish kurslari ishlab turibdi.

Iqtidorli bolalar va o’quvchi yoshlarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha davlat siyosati sobitqadamlik bilan olib borilmoqda. Iste’dodli o’smir va qizlarni izlab topish, ularga ko’maklashish, ularning qobiliyati va iste’dodini o’stirish bo’yicha maxsus fondlar tashkil etildi, qobiliyatli yoshlarni chet ellardagi yetakchi o’quv yurtlari va ilmiy markazlarda o’qitish va stajirovkadan o’tkazish yo’lga qo’yildi.

Fan va ta’lim sohasida xalqaro aloqalar kengayib bormoqda.

Shunga qaramay, sodir etilgan o’zgartirishlar kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish talablariga muvofiq bo’lishini ta’minlay olmadi.

1.2. KAMCHILIKLAR VA MUAMMOLAR

Kadrlar tayyorlash tizimining demokratik o’zgarishlar va bozor islohotlari talablariga muvofiq emasligi, o’quv jarayonining moddiy-texnika va axborot bazasi yetarli emasligi, yuqori malakali pedagog kadrlarning yetishmasligi, sifatli o’quv-uslubiy va ilmiy adabiyot hamda didaktik materiallarning kamligi, ta’lim tizimi, fan va ishlab chiqarish o’rtasida puxta o’zaro hamkorlik va o’zaro foydali integratsiyaning yo’qligi kadrlar tayyorlashning mavjud tizimidagi jiddiy kamchiliklar sirasiga kiradi.

Ta’lim-tarbiya va o’quv jarayonlarining tarkibini, bosqichlarini bir-biri bilan uzviy bog’lash, ya’ni uzluksiz ta’lim-tarbiya tizimini tashkil qilish muammolari hal qilingan emas. Amaldagi ta’lim tizimi zamonaviy, taraqqiy topgan demokratik davlatlar talablariga javob bera olmayotir.

Mutaxassislar tayyorlash, ta’lim-tarbiya tizimi jamiyatda bo’layotgan islohot, yangilanish jarayonlari talablari bilan bog’lanmagan.

Maktabgacha ta’lim va tarbiya ahvoli qoniqarsizligicha qolmoqda. Bog’cha yoshidagi bolalarning 25 foizigina maktabgacha tarbiya muassasalariga qamrab olingan, xolos. Maktabgacha bolalar muassasalaridan va oiladan maktabga kelgan bolalarning tayyorgarlik darajasi o’rtasida sezilarli tafovut mavjud.

Maktablarda va boshqa o’quv yurtlarida ta’lim jarayonining o’zidagi va o’qitish uslubiyatidagi har xil kamchiliklar oqibatida bilim berishda yuzaga kelgan nodemokratik hamda jamiyat uchun zararli muhit shunga olib keldiki, o’quvchilarda mustaqil fikrlash rivojlanmay qolayapti, oqilona hayotiy yechimlar qabul qilish uchun yetarli tayyorgarlik yo’q. 9-11 sinflarni tamomlagan yoshlar mustaqil hayotda o’z o’rnini aniqlay olmaydi. Ularda o’zlariga ishonch shakllangan emas, o’rta maktab bitiruvchilarining 10 foizigina oliy o’quv yurtlariga o’qishga kirmoqda, xolos.

Majburiy to’qqiz yillik ta’limga asoslangan o’n bir yillik umumiy o’rta ta’lim ilmiy asoslanmagandir, u o’quvchilarda kasbga yo’naltirish va ta’limning amaliy yo’nalganligi yetarli darajada bo’lishi hamda mustaqil fikr yuritish, mehnat faoliyati ko’nikmalari shakllanishini ta’minlamayapti. Har yili tayanch maktablarning 100 ming nafarga yaqin bitiruvchisi ishlab chiqarish sohasida hamda kasb-hunar ta’limini davom ettirish uchun talab etilmay qoldirilmoqda.

Ta’lim tizimidagi mavjud umumta’lim va kasb-hunar dasturlari o’rtasida uzviylik va vorislikning yo’qligi sababli tayanch va o’rta maktab bitiruvchilarida kasbga yo’naltirilganlik va mehnat faoliyati ko’nikmalari shakllanmay qolayapti. Natijada yigit va qizlar o’z qobiliyatlari, istaklari, ijodiy va mehnat moyilliklariga monand hayot yo’lini belgilab olishda jiddiy qiyinchiliklar sezmoqdalar.

O’quv jarayoni bilim darajasi o’rtacha bo’lgan o’quvchilarga mo’ljallangan bo’lib, ta’limning iqtidorli yoshlar bilan yakka tartibdagi o’quv dasturlari bo’yicha ishlash kabi mexanizmlaridan yaxshi foydalanilmayapti, o’quv dasturlari mafkuraviy sarqitlardan to’liq holi bo’lganicha yo’q, ularda ma’naviyat va axloq asoslarini o’rgatuvchi, iqtisodiy huquqiy, estetik bilimlarni beruvchi fanlarga yetarlicha o’rin berilmayapti.

Hunar-texnika bilim yurtlaridan yangi tipdagi ta’lim muassasalariga o’tish ko’proq og’izda bo’lib, amalda esa ularda ta’lim eskirib qolgan moddiy-texnika va o’quv-uslubiy bazasida, tegishli qayta tayyorgarlikdan o’tmagan o’qituvchi kadrlar bilan amalga oshirilmoqda.

Bir bosqichli oliy ta’lim mehnat bozori ehtiyojlarini, ishlab chiqarishdagi tarkibiy o’zgarishlarni va ilg’or xalqaro tajribani to’liq hajmda hisobga olmayotir. o’quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda o’quv yurtlari yetarlicha mustaqillikka ega emas, ular kasbiy mehnat bozorining o’zgaruvchan sharoitlariga yaxshi moslashib bormayapti.

Ilmiy muassasalar, ishlab chiqarish va ijtimoiy institutlar kadrlarni tayyorlash jarayoniga yetarli darajada qo’shilganlari yo’q. Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, ta’lim muassasalarini davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan o’tkazish vazifalari belgilab olinmagan. o’quvchilarning bilim darajasini baholash tizimi ob’ektivlik va tezkorlikni ta’minlamaydi.

Kasb-hunar ta’limining obro’si hamda o’qituvchilar, tarbiyachilar va murabbiylarning, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning ijtimoiy maqomi pasayib bormoqda. Ta’lim xizmati ko’rsatish va kadrlar tayyorlash sohasida marketing mavjud emas, ta’lim tizimini ko’p variantli moliyalash sxemasi ishlab chiqilmagan. Oliy malakali kadrlardan samarali foydalanilmayapti. Kadrlar bilimi va ular tayyorgarligining sifatini nazorat qilish hamda baholash tizimi qoniqarsiz ishlamoqda.

O’qituvchilar, pedagoglar va tarbiyachilarning kattagina qismi yaxshi tayyorgarlik ko’rmaganligi, ularning bilim va kasb saviyasi pastligi jiddiy muammo bo’lib qolmoqda, malakali pedagog kadrlar yetishmasligi sezilmoqda. Maktabgacha ta’lim sohasidagi jami tarbiyachi va pedagoglarning atigi 20 foizi oliy ma’lumotlidir. Maktablarning o’qituvchilar bilan ta’minlanganligi o’rtacha 93 foizni tashkil etgani holda, bu ko’rsatkich ayrim viloyatlarda 77-80 foizdan, muayyan fanlar bo’yicha esa 50 foizdan oshmaydi.

Ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning o’rtacha yoshi «ulg’ayib» bormoqda. Respublika oliy o’quv yurtlarida 40 yoshga to’lmagan fan doktorlari jami fan doktorlarining 0,9 foizini, 50 va undan katta yoshdagilari esa 79 foizini tashkil etadi. Fan doktorlari ilmiy darajasiga tasdiqlanganlar o’rtacha 50, fan nomzodlari esa 36 yoshdadir.

1.3. ISLOH QILISH OMILLARI

Kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishning muhim omillari quyidagilardan iborat:

respublikaning demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo’lidan izchil ilgarilab borayotganligi;

mamlakat iqtisodiyotida tub o’zgartirishlarning amalga oshirilishi, respublika iqtisodiyoti asosan xom ashyo yo’nalishidan raqobatbardosh pirovard mahsulot ishlab chiqarish yo’liga izchil o’tayotganligi, mamlakat eksport salohiyatining kengayayotganligi;

davlat ijtimoiy siyosatida shaxs manfaati va ta’lim ustuvorligi qaror topganligi;

milliy o’zlikni anglashning o’sib borishi, vatanparvarlik, o’z vatani uchun iftixor tuyg’usining shakllanayotganligi, boy milliy madaniy-tarixiy an’analarga va xalqimizning intellektual merosiga hurmat;

O’zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyasi, respublikaning jahondagi mavqei va obro’-e’tiborining mustahkamlanib borayotganligi.

2. MILLIY DASTURNING MAQSADI, VAZIFALARI VA UNI RO’YOBGA CHIQARISH BOSQICHLARI

2.1. DASTURNING MAQSAD VA VAZIFALARI

Mazkur dasturning maqsadi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o’tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to’la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratishdir.

Ushbu maqsadni ro’yobga chiqarish quyidagi vazifalar hal etilishini nazarda tutadi:

«Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o’quv-ilmiy-ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash;

ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan demokratik huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslash;

kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini ko’tarish;

kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;

ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;

ta’lim va kadrlar tayyorlash, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o’tkazish va akkreditatsiya qilish sifatiga baho berishning xolis tizimini joriy qilish;

yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ta’limning talab qilinadigan darajasi va sifatini, kadrlar tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko’rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlovchi normativ, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish;

ta’lim, fan va ishlab chiqarish samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, tayyorlanayotgan kadrlarning miqdori va sifatiga nisbatan davlatning talablarini, shuningdek nodavlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirishning mexanizmlarini ishlab chiqish;

uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag’lar, shu jumladan chet el investitsiyalari jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

kadrlar tayyorlash sohasida o’zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

2.2. DASTURNI RO’YOBGA CHIQARISH BOSQICHLARI

Milliy dasturning maqsad va vazifalari bosqichma-bosqich ro’yobga chiqariladi.

Birinchi bosqich (1997 — 2001 yillar) mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, kadrlar jihatidan, ilmiy-uslubiy, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratish.

Ushbu bosqichda quyidagilarni amalga oshirish zarur:

«Ta’lim to’g’risida»gi Qonunga muvofiq ta’lim tizimi mazmunini tarkibiy qayta qurish va tubdan yangilash;

pedagog va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni zamon talablariga javob beradigan darajada tashkil etish;

ta’lim oluvchilarning yuksak tayyorgarlilik darajasi, malakasi, madaniy va ma’naviy-axloqiy saviyasining sifatiga nisbatan qo’yiladigan zarur talablarni belgilab beruvchi davlat ta’lim standartlarini yaratish va joriy etish;

o’quv-uslubiy majmualarning hamda ta’lim jarayoni didaktik va axborot ta’minotining yangi avlodini ishlab chiqish va joriy etish;

o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi uchun zarur moddiy-texnika, o’quv-uslubiy va kadrlar bazasini tayyorlash;

ta’lim va kadrlar tayyorlashga byudjetdan tashqari mablag’lar jalb etishning mexanizmlarini takomillashtirish, davlat ta’lim muassasalari bilan bir qatorda nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirishni ham nazarda tutgan holda ta’lim xizmati ko’rsatish sohasida raqobatga asoslangan muhitni vujudga keltirish;

ta’lim muassasalari faoliyatiga baho berishning reyting tizimini, kadrlar tayyorlash sifati va ularga bo’lgan ehtiyojning monitoringini olib borish tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

xalqaro aloqalarni kengaytirish va kuchaytirish, kadrlar tayyorlashda xalqaro donorlik tashkilotlari va fondlari faoliyatiga tegishli sharoitlar yaratish, shuningdek respublika ta’lim sohasiga chet el investitsiyalarini jalb etish bo’yicha real chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ro’yobga chiqarishning monitoringini olib borish.

Ushbu bosqichda bolalarni olti-yetti yoshdan maktabga qabul qilish, ularning jismoniy va aqliy jihatdan rivojlanganligini e’tiborga olgan holda amalga oshiriladi. Taqozo etilayotgan o’quvchi o’rinlari zarur moddiy-texnika shart-sharoitlari va pedagog kadrlar bilan ta’minlangan holda izchil tayyorlanadi.

Birinchi bosqich bajarilishining monitoringi asosida Milliy dasturni ro’yobga chiqarish yo’nalishlariga aniqliklar kiritiladi.

Ikkinchi bosqich (2001 — 2005 yillar) Milliy dasturni to’liq ro’yobga chiqarish, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda unga aniqliklar kiritish.

Majburiy umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga, shuningdek o’quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga qarab, tabaqalashtirilgan ta’limga o’tish to’liq amalga oshiriladi.

Ta’lim muassasalarini maxsus tayyorlangan malakali pedagog kadrlar bilan to’ldirish ta’minlanadi, ularning faoliyatida raqobatga asoslangan muhit vujudga keltiriladi.

Ta’lim muassasalarining moddiy-texnika va axborot bazasini mustahkamlash davom ettiriladi, o’quv-tarbiya jarayoni yuqori sifatli o’quv adabiyotlari va ilg’or pedagogik texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Uzluksiz ta’lim tizimini axborotlashtirish amalga oshiriladi.

Ta’lim xizmat ko’rsatish bozorini shakllantirish mexanizmlari to’liq ishga solinadi.

Uchinchi bosqich (2005 va undan keyingi yillar) to’plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish asosida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish.

Ta’lim muassasalarining resurs, kadrlar va axborot bazalari yanada mustahkamlanadi, o’quv-tarbiya jarayoni yangi o’quv-uslubiy majmualar, ilg’or pedagogik texnologiyalar bilan to’liq ta’minlanadi.

Milliy (elita) oliy ta’lim muassasalarini qaror toptirish va rivojlantirish amalga oshiriladi. Kasb-hunar ta’limi muassasalarining mustaqil faoliyat yuritishi va o’zini o’zi boshqarishi shakllari mustahkamlanadi.

Ta’lim jarayonini axborotlashtirish, uzluksiz ta’lim tizimi jahon axborot tarmog’iga ulanadigan kompьyuter axborot tarmog’i bilan to’liq qamrab olinadi.

3. KADRLAR TAYYORLASHNING MILLIY MODЕLI

Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari quyidagilardan iboratdir:

shaxs — kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’ekti va ob’ekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarning iste’molchisi va ularni amalga oshiruvchi;

davlat va jamiyat — ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi kadrlar tayyorlash va ularni qabul qilib olishning kafillari;

uzluksiz ta’lim malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo’lib, ta’limning barcha turlarini, davlat ta’lim standartlarini, kadrlar tayyorlash tizimi tuzilmasi va uning faoliyat ko’rsatish muhitini o’z ichiga oladi;

fan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlovchi va ulardan foydalanuvchi, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiquvchi;

ishlab chiqarish kadrlarga bo’lgan ehtiyojni, shuningdek ularning tayyorgarlik sifati va saviyasiga nisbatan qo’yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimini moliya va moddiy-texnika jihatidan ta’minlash jarayonining qatnashchisi.

Davlat va jamiyat uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimi barcha uchun ochiq bo’lishini va hayot o’zgarishlariga moslashuvchanligini ta’minlaydi.

O’zbekiston Respublikasi tomonidan inson huquqlari, ta’lim, bola huquqi sohasidagi shartnomalar va konventsiyalarning bajarilishi, kadrlar tayyorlash sohasida jahon ilg’or tajribasini hisobga olish uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining barcha jihatlariga daxldor bo’lib, uning rivojlanishi omillaridan biridir.

3.1. SHAXS

Kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosati insonni intellektual va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash bilan uzviy bog’liq bo’lgan uzluksiz ta’lim tizimi orqali har tomonlama barkamol shaxs fuqaroni shakllantirishni nazarda tutadi. Shu tarzda fuqaroning eng asosiy konstituttsiyaviy huquqlaridan biri bilim olish, ijodiy qobiliyatni namoyon etish, intellektual jihatdan rivojlanish, kasbi bo’yicha mehnat qilish huquqi ro’yobga chiqariladi.

«Ta’lim to’g’risida»gi Qonun umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi standartlari orqali sifatli ta’lim olish, shuningdek ta’lim va kasb-hunar jihatdan tayyorgarlikning shakllari va turlarini tanlashni, uzluksiz malaka oshirib borish, zarurat taqozo etsa, tegishli qayta tayyorgarlikdan o’tish huquqini va keng imkoniyatlarini nazarda tutadi.

Ta’lim xizmatlarining iste’molchisi sifatida shaxsga davlat ta’lim standartlari orqali sifatli ta’lim olish va kasb-hunar tayyorgarligi ko’rish kafolatlanadi. Ta’lim olish jarayonida shaxs davlat ta’lim standartlarida ifoda etilgan talablarni bajarishi shart.

Shaxs ta’lim xizmatlarining yaratuvchisi sifatida tegishli malaka darajasini olgach, ta’lim, moddiy ishlab chiqarish, fan, madaniyat va xizmat ko’rsatish sohasida faoliyat ko’rsatadi va o’z bilimi va tajribasini o’rgatishda ishtirok etadi.

3.2. DAVLAT VA JAMIYAT

Davlat va jamiyat kadrlar tayyorlash tizimi amal qilishi va rivojlanishining kafillari, yuqori malakali raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash bo’yicha ta’lim muassasalarining faoliyatini uyg’unlashtiruvchi sifatida faoliyat ko’rsatadi.

Davlat va jamiyat quyidagilarga, chunonchi:

Fuqarolarning bilim olish, kasb tanlash va o’z malakasini oshirish huquqlari ro’yobga chiqarilishiga;

Majburiy umumiy o’rta ta’lim hamda akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida ta’lim olish yo’nalishini tanlash huquqi asosida majburiy o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishga;

Davlat grantlari yoki pullik-shartnomaviy asosda oliy ta’lim va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim olish huquqiga;

Davlat ta’lim muassasalarini mablag’ bilan ta’minlashga;

Ta’lim oluvchilarning o’qishi, turmushi va dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi vazifalar hal etilishida jamoatchilik boshqaruvini rivojlantirishga;

Ta’lim jarayoni qatnashchilarini ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlashga;

Sog’liq va rivojlanishda nuqsoni bo’lgan shaxslar ta’lim olishiga kafolat beradilar.

3.3. UZLUKSIZ TA`LIM

Uzluksiz ta’lim kadrlar tayyorlash tizimining asosi, O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy ehtiyojlarini qondiruvchi ustuvor sohadir.

Uzluksiz ta’lim ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy boy shaxs shakllanishi va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar ildam tayyorlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

3.3.1. Uzluksiz ta’limni tashkil etish va rivojlantirish printsiplari

Uzluksiz ta’limning faoliyat ko’rsatish printsiplari quyidagilardan iborat:

ta’limning ustuvorligi uning rivojlanishining birinchi darajali ahamiyatga ega ekanligi, bilim, ta’lim va yuksak intellektning nufuzi;

ta’limning demokratlashuvi ta’lim va tarbiya uslublarini tanlashda o’quv yurtlari mustaqilligining kengayishi, ta’limni boshqarishning davlat-jamiyat tizimiga o’tilishi;

ta’limning insonparvarlashuvi inson qobiliyatlarining ochilishi va uning ta’limga nisbatan bo’lgan turli-tuman ehtiyojlarining qondirilishi, milliy va umumbashariy qadriyatlar ustuvorligining ta’minlanishi, inson, jamiyat va atrof-muhit o’zaro munosabatlarining uyg’unlashuvi;

ta’limning ijtimoiylashuvi ta’lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish, ularda yuksak ma’naviyat, madaniyat va ijodiy fikrlashni shakllantirish;

ta’limning milliy yo’naltirilganligi ta’limning milliy tarix, xalq an’analari va urf-odatlari bilan uzviy uyg’unligi, O’zbekiston xalqlarining madaniyatini saqlab qolish va boyitish, ta’limni milliy taraqqiyotning o’ta muhim omili sifatida e’tirof etish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyatini hurmatlash;

ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liqligi, bu jarayonning har tomonlama kamol topgan insonni shakllantirishga yo’naltirilganligi;

iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta’limning eng yuqori darajasida, izchil ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish.

3.3.2. Uzluksiz ta’limni isloh qilish

Uzluksiz ta’lim sohasidagi islohotlar quyidagilarni nazarda tutadi:

ta’lim tizimining kadrlar salohiyatini tubdan yaxshilash, tarbiyachi, o’qituvchi, muallim va ilmiy xodimning kasbiy nufuzini oshirish;

davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining har xil turlarini rivojlantirish;

ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan qayta qurish, ta’lim, fan, texnika va texnologiyaning, iqtisodiyot va madaniyatning jahon miqyosidagi zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda ta’lim va kasb-hunar ta’limi dasturlarini tubdan o’zgartirish;

majburiy umumiy o’rta ta’limdan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga o’tilishini ta’minlash;

maxsus, kasb-hunar ta’limining markazlari sifatida fan va ishlab chiqarish integratsiyalashgan yangi tipdagi o’quv muassasalarini vujudga keltirish;

ilg’or texnologiyalarni keng o’zlashtirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgarishlar, chet el investitsiyalari ko’lamlarining kengayishi, tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesni rivojlantirish bilan bog’liq yangi kasb-hunar va mutaxassisliklar bo’yicha kadrlar, shu jumladan boshqaruv tizimi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

milliy mustaqillik printsiplari va xalqning boy intellektual merosi hamda umumbashariy qadriyatlarning ustuvorligi asosida ta’limning barcha darajalari va bo’g’inlarida ta’lim oluvchilarning ma’naviy va axloqiy fazilatlarini rivojlantirish;

ta’limni boshqarish tizimini takomillashtirish, jamoat boshqaruvi shakllarini rivojlantirish, ta’lim muassasalarini mintaqalashtirish;

ta’lim olishda, shuningdek bolalar va yoshlarni ma’naviy-axloqiy, intellektual va jismoniy jihatdan tarbiyalashda oila, ota-onalar, jamoat tashkilotlari, mahallalar, xayriya va xalqaro fondlarning rolini kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish;

ta’lim jarayoni va kadrlar tayyorlash sifatiga xolis baho berish tizimini yaratish va joriy etish;

ta’lim tizimini moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa tarzdagi resurslar bilan ta’minlash mexanizmlarini shakllantirish;

uzluksiz ta’limni fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashtirishning puxta mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;

ta’lim va ilm-fan bilan bog’liq chet el hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish;

tub yerli millatga mansub bo’lmagan shaxslar zich yashaydigan joylarda ular o’z ona tillarida ta’lim olishlari uchun tashkiliy va pedagogik shart-sharoitlar yaratish;

ta’limning barcha darajalarida ta’lim oluvchilarning huquqiy, iqtisodiy, ekologik va sanitariya-gigiena ta’limi hamda tarbiyasini takomillashtirish.

3.3.3. Uzluksiz ta’lim tizimi va turlari

Uzluksiz ta’lim tizimining faoliyat olib borishi davlat ta’lim standartlari asosida, turli darajalardagi ta’lim dasturlarining izchilligi asosida ta’minlanadi va quyidagi ta’lim turlarini o’z ichiga oladi:

maktabgacha ta’lim;

umumiy o’rta ta’lim;

o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;

oliy ta’lim;

oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim;

kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;

maktabdan tashqari ta’lim.

Kadrlar tayyorlash milliy modelining o’ziga xos xususiyati mustaqil ravishdagi to’qqiz yillik umumiy o’rta hamda uch yillik o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini joriy etishdan iboratdir. Bu esa, umumiy ta’lim dasturlaridan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlariga izchil o’tilishini ta’minlaydi.

Umumiy ta’lim dasturlari: maktabgacha ta’lim, boshlang’ich ta’lim (I-IV sinflar), umumiy o’rta ta’lim (I-IX sinflar), o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini qamrab oladi.

Kasb-xunar ta’limi dasturlarini o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy (bakalavriat, magistratura) ta’lim va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni qamrab oladi.

MAKTABGACHA TA`LIM

Maktabgacha ta’lim bola sog’lom, har tomonlama kamol topib shakllanishini ta’minlaydi, unda o’qishga intilish hissini uyg’otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlaydi. Maktabgacha ta’lim bola olti-yetti yoshga yetgunicha davlat va nodavlat maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarida hamda oilalarda amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim maqsadi va vazifalarini ro’yobga chiqarishda mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, xalqaro fondlar faol ishtirok etadi.

Maktabgacha tarbiyani rivojlantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim bo’ladi:

malakali tarbiyachi va pedagog kadrlarni ustuvor ravishda tayyorlash;

maktabgacha ta’limning samarali psixologik-pedagogik uslublarini izlash va joriy etish;

bolalarni oilada tarbiyalashni tashkiliy, psixologik, pedagogik va uslubiy jihatdan ta’minlash;

zamonaviy o’quv-uslubiy qo’llanmalar, texnik vositalar, o’yinchoqlar va o’yinlar yaratish hamda ularni ishlab chiqarish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqning boy madaniy-tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish;

maktabgacha muassasalarning har xil turlari uchun turli variantlardagi dasturlarni tanlab olish, maktabgacha tarbiyaning barcha massalalari bo’yicha malakali konsulьtatsiya xizmati ko’rsatish imkoniyatini yaratish;

maktabgacha tarbiya va sog’lomlashtirish muassasalari tarmog’ini qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish mexanizmini ishlab chiqish.

UMUMIY O’RTA TA`LIM

To’qqiz yillik (I-IX sinflar) o’qishdan iborat umumiy o’rta ta’lim majburiydir. Ta’limning bu turi boshlang’ich ta’limni (I-IV sinflar) qamrab oladi hamda o’quvchilarning fanlar asoslari bo’yicha muntazam bilim olishlarini, ularda bilim o’zlashtirish ehtiyojini, asosiy o’quv-ilmiy va umummadaniy bilimlarni, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy-axloqiy fazilatlarni, mehnat ko’nikmalarini, ijodiy fikrlash va atrof-muhitga ongli munosabatda bo’lishni va kasb tanlashni shakllantiradi. Umumiy o’rta ta’lim tugallanganidan keyin ta’lim fanlari va ular bo’yicha olingan baholar ko’rsatilgan holda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestat beriladi.

Umumiy o’rta ta’limning yangicha tizimi va mazmunini shakllantirish uchun quyidagilar zarur:

maktabning I-IX sinflari doirasida sifatli umumiy o’rta ta’lim olishni ta’minlovchi davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, bunda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridan keyin olinadigan ta’lim dasturlari bilan mantiqiy bog’liqlik hisobga olinishi lozim;

yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash;

hududlarning jug’rofiy va demografik xususiyatlariga, shaxs, jamiyat va davlatning ehtiyojlariga muvofiq ravishda ta’lim muassasalari tarmoqlarini rivojlantirish;

o’quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda ta’limga tabaqalashtirilgan yondashuvini joriy etish;

ta’lim berishning ilg’or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o’quv-uslubiy majmualarni yaratish va o’quv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta’minlash;

o’quvchilar kasb-hunar tanlaydigan va psixologik-pedagogik jihatdan maslahatlar oladigan markazlar tarmoqlarini tashkil etish.

O’RTA-MAXSUS, KASB-XUNAR TA`LIMI

Umumiy o’rta ta’lim negizida o’qish muddati uch yil bo’lgan majburiy o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi uzluksiz ta’lim tizimidagi mustaqil turdir. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishi akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji o’quvchilar tomonidan ixtiyoriy tanlanadi.

Akademik litsey davlat ta’lim standartlariga muvofiq o’rta maxsus ta’lim beradi, o’quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda ularning jadal intellektual rivojlanishi chuqur, sohalashtirilgan, tabaqalashtirilgan, kasbga yo’naltirilgan ta’lim olishini ta’minlaydi.

Akademik litseylarda o’quvchilar o’zlari tanlab olgan ta’lim yo’nalishi bo’yicha (gumanitar, texnika, agrar va boshqa sohalar) bilim saviyalarini oshirish hamda fanni chuqur o’rganishga qaratilgan maxsus kasb-hunar ko’nikmalarini o’zlarida shakllantirish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Bu ko’nikmalarni o’qishni muayyan oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish yoki mehnat faoliyatida ro’yobga chiqarishlari mumkin.

Kasb-xunar kolleji tegishli davlat ta’lim standartlari doirasida o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi beradi; o’quvchilarning kasb-hunarga moyilligi, bilim va ko’nikmalarini chuqur rivojlantirish, tanlab olingan kasb-hunar bo’yicha bir yoki bir necha ixtisosni egallash imkonini beradi.

Kasb-hunar kollejlari jihozlanganlik darajasi, pedagogik tarkibning tanlanganligi, o’quv jarayonining tashkil etilishi jihatidan yangi tipdagi ta’lim muassasalari hisoblanadi. Ular bir yoki bir necha zamonaviy kasb-hunarni egallash hamda tegishli o’quv fanlaridan chuqur nazariy bilim olish imkonini beradi.

Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olish o’quvchilarga o’z bilimlarini chuqurlashtirish va tanlagan ixtisosliklariga ega bo’lishni ta’minlaydi. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomlar beriladi. Bu diplomlar ta’limning keyingi bosqichlarida o’qishni davom ettirish yoki egallangan ixtisos va kasb-hunar bo’yicha mehnat faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beradi.

O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini tashkil etish va rivojlantirish uchun quyidagilar zarur:

akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari faoliyat ko’rsatishining normativ bazalarini ishlab chiqish va joriy etish;

soha uchun oliy ta’lim muassasalarining, ishlab chiqarish, fan va madaniyat sohasining mutaxassislarini jalb etgan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni, shu jumladan chet ellarda tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;

o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;

o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi o’quv muassasalari uchun ta’lim va kasb-hunar dasturlari, o’quv-uslubiy majmualar ishlab chiqish;

akademik litseylarning o’quvchilari mehnat faoliyati ko’nikmalarini egallashlari uchun ixtisoslashtirilgan dasturlar ishlab chiqish va joriy etish;

kasb-hunar kollejlarida tayyorlanadigan mutaxassislarga nisbatan ixtisos va kasb-hunar, malaka talablarining ro’yxatini ishlab chiqish;

hududlarning jug’rofiy va demografik shart-sharoitlarini va tegishli sohadagi mutaxassislarga bo’lgan mahalliy ehtiyojlarni hisobga olgan holda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi ta’lim muassasalarining tashkil etilishini va ular oqilona joylashtirilishini ta’minlash, ularga o’quvchilarni imkon qadar oilasidan ajratmagan holda qamrab olish;

akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika va axborot bazalarini mustahkamlash.

OLIY TA`LIM

Oliy ta’lim o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi negiziga asoslanadi hamda ikki (bakalavriat va magistratura) bosqichga ega.

Oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabul qilish davlat grantlari negizida va pullik-shartnomaviy asosda amalga oshiriladi.

Bakalavriat mutaxassisliklar yo’nalishi bo’yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, ta’lim muddati kamida to’rt yil davom etadigan tayanch oliy ta’limdir.

Bakalavrlik dasturi tugallanganidan so’ng bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlariga binoan kasb bo’yicha “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.

Magistratura aniq mutaxassislik bo’yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida ta’lim muddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir.

«Magistr» darajasini beradigan davlat malaka attestatsiyasi magistrlik dasturining intihosidir. Magistrlarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug’ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.

Ikki bosqichli oliy ta’lim tizimini tashkil etish va rivojlantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:

bakalavriat va magistratura uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;

oliy ta’lim muassasalari uchun professor-o’qituvchi kadrlar tayyorlash, shu jumladan chet ellardagi yetakchi o’quv va ilmiy markazlarda tayyorlash;

oliy ta’lim muassasalarida tarkibiy o’zgartishlar o’tkazish;

oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, bu muassasalarning mustaqilligini kuchaytirish, muassislar, vasiylar kengashlari, jamoat nazorat kengashlari shaklidagi jamoat boshqaruvini joriy etish;

ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

o’qishni, mustaqil bilim olishni individuallashtirish hamda distantsion ta’lim tizimi texnologiyasi va vositalarini ishlab chiqish va o’zlashtirish;

yangi pedagogik va axborot texnologiyalari, tayyorgarlikning modul tizimidan foydalangan holda talabalarni o’qitishni jadallashtirish;

xalqning boy ma’naviy va intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ta’limning insonparvarlik yo’nalishini ta’minlash.

OLIY O’QUV YuRTIDAN KЕYINGI TA`LIM

Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini qondirishga, shaxsning ijodiy ta’lim-kasb-hunar manfaatlarini qanoatlantirishga qaratilgan.

Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni oliy o’quv yurtlarida va ilmiy-tadqiqot muassasalarida (aspirantura, ad’yunktura, doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik) olish mumkin. Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim bosqichlari (aspirantura, doktorantura) dissertatsiya himoyasi bilan yakunlanadi.

Yakuniy davlat attestatsyasi natijalariga ko’ra tegishli ravishda fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasi berilib, davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomlar topshiriladi.

Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish tadbirlari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

«Ta’lim to’g’risida»gi Qonunga hamda mamlakatni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish;

kasb ta’limi tizimi uchun oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlarni hamda ilg’or pedagogik texnologiyalar sohasida ilmiy kadrlarni ustuvor ravishda tayyorlash;

rivojlangan mamlakatlarning ilg’or ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida ustuvor yo’nalishlar bo’yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi uchun sharoitlar yaratib berish;

fan, texnologiya va ta’lim sohasida rivojlangan mamlakatlar bilan xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish.

KADRLAR MALAKASINI OSHIRISH VA ULARNI QAYTA TAYYORLASH

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mutaxassislarning kasb bilimlari va ko’nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishga qaratilgan. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalaridagi o’qish natijalariga ko’ra davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikat topshiriladi.

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish uchun quyidagilar zarur:

kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimi faoliyatida yangicha tarkib, mazmun hamda bu tizimni boshqarishni shakllantirish;

yuqori malakali o’qituvchi-mutaxassis kadrlar tayyorlash va sohani ular bilan to’ldirib borishni ta’minlash;

kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimining bu sohada raqobatga asoslangan muhitni shakllantirishni va samarali faoliyat olib borishni ta’minlovchi normativ bazasini yaratish;

kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalarini davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan o’tkazish tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

iqtisodiyotning davlat va nodavlat sektorlari, mulkchilikning turli shaklidagi tashkilot va muassasalarning talab-ehtiyojlariga muvofiq kadrlar va mutaxassislarni ildam qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlovchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish va rivojlantirishga ko’maklashish;

professional treningning ilg’or texnologiya va uskunalarini, shuningdek murakkab, fan yutuqlarini talab qiluvchi texnologiya jarayonlari imitatorlarini ishlab chiqish, yaratish va amaliy o’zlashtirib olish.

MAKTABDAN TASHQARI TA`LIM

Bolalar va o’smirlarning ta’limga bo’lgan, yakka tartibdagi, ortib boruvchi talab-ehtiyojlarini qondirish, ularning bo’sh vaqtini va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslar madaniy estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo’nalishlarda maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etadilar.

Maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish, uning tuzilmasi va mazmun-mundarijasini takomillashtirish vazifalarini hal etish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

ta’lim berish va kamol toptirishga yo’naltirilgan xizmatlar ko’rsatuvchi muassasalar tarmog’ini kengaytirish va bunday xizmatlar turlarini ko’paytirish;

milliy pedagogik qadriyatlarga asoslangan va jahondagi ilg’or tajribani inobatga oluvchi dasturlar va uslubiy materiallar ishlab chiqish;

o’quvchilarning bo’sh vaqtini tashkil etishning, shu jumladan ommaviy sport va jismoniy tarbiya-sog’lomlashtirish tadbirlarining, bolalar turizmining, xalq hunarmandchiligining mavjud turlari va shakllarini takomillashtirish, milliy turlari va shakllarini tiklash hamda amaliyotga joriy etish.

3.4. KADRLAR TAYYORLASH TIZIMIDA FAN

Kadrlar tayyorlash milliy modeli salmoqli element sifatida fanni o’z ichiga oladi, bu sohada:

tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlari to’g’risidagi yangi fundamental va amaliy bilimlar shakllanadi, kadrlar tayyorlash tizimida ommalashtirish, o’rganish va foydalanish uchun kerakli ilmiy natijalar jamlanadi;

oliy malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi;

kadrlar tayyorlash jarayonini ilmiy-tadqiqot jihatidan ta’minlash infrastrukturasi vujudga keltiriladi, ta’limning axborot tarmoqlarida foydalanish maqsadida bilimning turli sohalari bo’yicha axborot bazasi shakllantiriladi;

mamlakatimiz ilm-fanining jahon ilm-faniga integratsiyasi sodir bo’ladi, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarning eng muhim muammolarini hal etish uchun ilmiy yutuqlar va kadrlarni xalqaro miqyosda almashinuv amalga oshiriladi.

Kadrlar tayyorlash tizimiga ilm-fanning uzviy ravishda kirib borishi uchun quyidagilar zarur:

ilg’or pedagogik texnologiyalarni yaratish va o’zlashtirish yuzasidan maqsadli innovatsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish yo’li bilan ilm-fanning ta’lim amaliyoti bilan aloqasini ta’minlash chora-tadbilarini ishlab chiqish;

ilg’or axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish uchun eksperimental maydonchalar barpo etish orqali ilmiy tadqiqotlar natijalarini o’quv-tarbiya jarayoniga o’z vaqtida joriy etish mexanizmini ro’yobga chiqarish;

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini samarali tarzda bajarishni ta’minlash yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, yoshlarning ilmiy ijodiyotini har tomonlama qo’llab-quvvatlash;

ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlar darajasini baholashga zamonaviy yondashuvni ro’yobga chiqarish, ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar natijalari tijoratlashuvi asosida olimlarning obro’ e’tibori va ijtimoiy maqomini oshirish;

mamlakat ilm-fanining xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiyasini faollashtirish, ta’lim sohasi va kadrlar tayyorlashni takomillashtirish maqsadida ilmiy yutuqlar va olimlar bilan o’zaro almashinuv jarayonini kuchaytirish;

fan va texnologiyalar sohasidagi faoliyatni ma’naviy va moddiy rag’batlantirish tizimini ishlab chiqish, talabalar va yosh olimlarning ilmiy yutuqlari uchun maxsus mukofotlar va sovrinlar ta’sis etish, maxsus stipendiyalar sonini ko’paytirish, yoshlar ilmiy-texnika ijodiyotining doimiy ishlaydigan ko’rgazma va ekspozitsiyalarini tashkil etish.

3.5. KADRLAR TAYYORLASH TIZIMIDA ISHLAB CHIQARISH

Ishlab chiqarishning talab-ehtiyojlari kadrlar tayyorlash tizimining yo’nalishi, darajasi va miqyoslarini shakllantiradi, kasb tayyorgarligining maqsadi, vazifalari va mazmunini belgilaydi, malaka talablarini ilgari suradi, ta’limning muvoziy texnologiyalari va shakllarini tanlashni taqozo etadi. Ishlab chiqarish pirovard natijada kadrlarning sifati va raqobatbardoshligiga baho beradi.

Ishlab chiqarishning kadrlar tayyorlash tizimidagi vazifalari quyidagilar bilan belgilanadi, chunonchi u:

turli saviya va malakadagi mutaxassislarga bo’lgan talab-ehtiyojni shakllantiradi;

o’z ixtiyoridagi moddiy-texnika, moliya, kadr resurslari hamda kadrlarni o’qitish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun zarur boshqa resurslarni berish bilan uzluksiz ta’lim tizimiga ko’maklashadi;

muassis, vasiy, donor, homiy tariqasida ayrim mutaxassislarni va guruhlarni maqsadli tayyorlashni, shuningdek turli tip va darajadagi o’quv yurtlarini moliyalashda qatnashadi;

ta’lim va ilm-fanning turli shakllardagi integratsiyasini (muvaqqat ijodiy jamoalar, o’quv-ilmiy-ishlab chiqarish majmualari, markazlari, texnoparklar, texnopolislar) rivojlantiradi.

Ishlab chiqarishning kadrlar tayyorlash tizimidagi mavqeini kuchaytirish quyidagi yo’llar bilan ta’minlanadi:

ta’limni karxonadagi unumli mehnat bilan, shu jumladan ishlab chiqarish amaliyoti jarayonidagi mehnat bilan qo’shib olib borish asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

kadrlar tayyorlash hamda birgalikda ilmiy-texnologiya ishlanmalarini olib borishda korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatidan foydalanish;

ta’lim oluvchilarni mehnat jamoalarida tarbiyalash (mehnat, ma’naviy va jismoniy tarbiyalash);

ishlab chiqarishning talab-ehtiyojlarini inobatga olib, texnika va texnologiyalarni rivojlantirishning yangi yo’nalishlari bo’yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

ishlab chiqarishning iqtisodiy va texnologiya muammolarini hal etish uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning ilmiy salohiyatini jalb etish;

pedagog kadrlarning ilg’or texnologiyalar sohasidagi malakasini bevosita ishlab chiqarishda muntazam oshirib borish;

ishlab chiqarishning yuqori malakali kadrlarini ta’lim jarayoniga va pedagogik faoliyatga jalb etish;

ishlab chiqarish amaliyotini o’tish uchun ta’lim oluvchilarni ish joylari bilan ta’minlash;

o’zaro integratsiyalangan ta’lim muassasalarini zamonaviy uskunalar, apparatlar va asboblar bilan jihozlash.

4. KADRLAR TAYYORLASH TIZIMINI RIVOJLANTIRISHNING ASOSIY YO’NALISHLARI

Kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish va rivojlantirish quyidagi ustuvor yo’nalishlarni qamrab oladi:

4.1. TA`LIMNING UZLUKSIZLIGINI TA`MINLASH

Ta’limning o’z ichiga maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini qamrab oluvchi yangi uzluksiz va izchil tizimi barpo etiladi. Oliy kasb-hunar ta’limining bakalavrlar va magistrlar tayyorlashni nazarda tutuvchi ikki bosqichli tizimi joriy etiladi. Aspirantura va doktorantura faoliyati rivojlanib boradi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo’yicha raqobatbardosh ta’lim muassasalari vujudga keltiriladi.

Ta’lim muassasalarini hududiy yo’nalishga o’tkazish va tarkibiy tuzilmasini o’zgartirish ishi amalga oshiriladi. Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini baholash monitoringi amalga oshiriladi.

Uzluksiz ta’lim tizimi uchun pedagog kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash ustuvorligi ta’minlanadi.

4.2. PЕDAGOG VA ILMIY-PЕDAGOG KADRLAR TAYYORLASH, QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH

Pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning zamon talablariga moslashuvchan, ta’limning yuqori sifatli va barqaror rivojlanishini ko’zlovchi tizimi vujudga keltiriladi. Pedagog kadrlarni ildam qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, raqobatbardosh darajada ularning kasb sifatini qo’llab-quvvatlash ta’minlanadi.

Oliy ta’lim muassasalarida davlat ta’lim standartlariga mos yuqori malakali o’qituvchilar tayyorlash bo’yicha maxsus fakulьtetlar, shuningdek respublika viloyatlarida umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi uchun o’qituvchilar va mutaxassislar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash yuzasidan maxsus markazlar tashkil etiladi.

4.3. TA`LIM JARAYONINI MAZMUNAN ISLOH QILISH

Kadrlarni o’qitish va tarbiyalash milliy tiklanish printsiplari va mustaqillik yutuqlari, xalqning boy milliy, ma’naviy va intellektual salohiyati hamda umumbashariy qadriyatlarga tayangan, insonparvarlikka yo’naltirilgan ta’limning mazmuni davlat ta’lim standartlari asosida isloh qilinadi. Ta’lim oluvchining shaxsiga, unda ta’lim va bilimlarga bo’lgan ishtiyoqni kuchaytirishga, mustaqil ish tutishni, iftixor va insoniy qadr-qimmat tuyg’usini shakllantirishga alohida e’tibor beriladi.

Pedagog kadrlarning obro’-e’tibori, mas’uliyati va kasb ko’nikmasini oshirish yuzasidan sobitqadam davlat siyosati olib boriladi. Ilg’or pedagogik texnologiyalar, ta’limning yangi shakl va uslublari, o’quv, shu jumladan differentsiyalashgan dasturlar amaliyotga joriy etiladi.

4.4. MA`NAVIY-AXLOQIY TARBIYA VA MA`RIFIY ISHLAR

Yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy milliy madaniy-tarixiy an’analariga, urf-odatlari hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslangan samarali tashkiliy, pedagogik shakl va vositalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi. Shaxsni tarbiyalash va uni har tomonlama kamol toptirishning ustuvorligi ta’minlanadi. Umumiy hamda pedagogik madaniyatni oshirish maqsadida, mamlakat aholisi orasidagi ma’rifiy ishlar takomillashtirib boriladi.

O’zbekiston mustaqilligi printsiplariga sadoqatli hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo’shishga qodir shaxsni shakllantirish maqsadida ta’lim muassasalari ota-onalar, oila, mahalla qo’mitalari, Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi, Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, jamoat tashkilotlari, fondlar bilan o’zaro puxta hamkorlik qiladilar.

(4.4-bandining ikkinchi xatboshi O’zbekiston Respublikasining 2007 yil 9 apreldagi O’RQ-87-sonli Qonuni tahririda — O’R QHT, 2007 y., 15-son, 150-modda)

4.5. IQTIDORLI BOLALAR VA ISTЕ`DODLI YoSHLAR

Iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarni aniqlash va o’qitish uslubiyati, psixologik-pedagogik va tashkiliy sharoitlari yaratiladi, bunday bolalar va yoshlarga oid ma’lumotlarning respublika banki va monitoringi shakllanadi. Maxsus o’quv dasturlari va progressiv pedagogik texnologiyalar ishlab chiqish uchun eng yaxshi pedagog va olimlar jalb qilinadi, o’quv-tarbiya jarayonida ularning faol ishtiroki ta’minlanadi. Fan va texnikani, siyosat va iqtisodiyotni, madaniyat va san’atni o’rgatish markazlari qabilidagi hamda milliy (elita) ta’lim muassasalari tashkil etiladi.

Iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlarni chet ellarda umumiy va kasbiy jihatdan tayyorgarlikdan o’tkazishga qaratilgan sobitqadam faoliyat amalga oshiriladi. Akademik litseylarning o’quvchilariga, birinchi navbatda iqtidorli, yuksak iste’dod sohiblariga, bilimning tegishli sohalari va fanning aniq yo’nalishlari bo’yicha o’z tabiiy qobiliyatlarini namoyon etish va rivojlantirish, o’zlaridagi noyob iste’dodni ro’yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

4.6. TA`LIM TIZIMINI BOSHQARISH

Uzluksiz ta’lim tizimi va kadrlar tayyorlashning davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tarkibiy jihatdan o’zgartirish va ularni izchil rivojlantirish davlat yo’li bilan boshqarib boriladi. Barcha darajadagi ta’lim boshqaruv organlarining vakolat doiralari «Ta’lim to’g’risida»gi Qonunga muvofiq belgilanadi. Ta’limning normativ-huquq bazasi rivojlantiriladi. Moliya-xo’jalik faoliyati olib borish hamda ta’lim jarayonini tashkil etishda o’quv yurtlarining huquqlari kengayadi va mustaqilligi ta’minlanadi. Ta’lim muassasalari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan o’tkaziladi hamda akkreditatsiyalanadi. Akkreditatsiya yakunlariga ko’ra ta’lim sohasida faoliyat ko’rsatish huquqi beriladi.

Muassis tashkilotlarning, mahalliy hokimiyat organlarining, savdo-sanoat doiralarining, jamoat tashkilotlarining, fondlarning va homiylarning vakillarini o’z ichiga oluvchi vasiylik va kuzatuv kengashlari tuzish orqali ta’lim muassasalarining samarali jamoat boshqaruvi tizimi joriy etiladi.

4.7. KASB-HUNAR TA`LIMI SIFATINI NAZORAT QILISH TIZIMINI SHAKLLANTIRISH

Ta’lim boshqaruvi organlariga bog’liq bo’lmagan, kasb-hunar ta’limi sifatini attestatsiyadan o’tkazuvchi davlat xizmati tashkil etiladi. Mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbol talablariga monand davlat ta’lim standartlari ishlab chiqiladi, o’quv yurtlari faoliyatini, professor-pedagog kadrlar sifatini hamda ta’lim oluvchilarning bilimini reyting asosida baholash tizimi tadbiq etiladi. Kadrlarni tayyorlash sifatini nazorat qilishning davlat va jamoat shakllari rivojlantiriladi. Ta’lim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyalash tizimi takomillashtiriladi.

4.8. TA`LIM TIZIMINI MOLIYALASH

Ta’limni va kadrlar tayyorlashni moliyalash tizimi takomillashtiriladi, uning ko’p variantli (byudjetdan ajratiladigan va byudjetdan tashqari manbalardan) tizimi joriy etiladi, ta’lim muassasalarining o’zini o’zi pul bilan ta’minlashi rivojlantiriladi, xususiy hamda chet el investitsiyalarini ta’lim sohasiga jalb etish rag’batlantiriladi.

Respublika fuqarolari uchun keyinchalik ularni to’lashning moslashuvchan tizimiga asoslangan ta’lim kreditlari berish mexanizmi shakllantiriladi. Uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlashda donorlar va homiylarning mavqei kuchayib boradi.

Pullik ta’lim xizmatlari ko’rsatish, tadbirkorlik, maslahat, ekspert, noshirlik, ishlab chiqarish, ilmiy hamda ustavda belgilab qo’yilgan vazifalarga muvofiq boshqa tarzdagi faoliyat hisobidan ta’lim muassasalarining daromadlari ko’payishi ta’minlanadi.

4.9. MODDIY-TЕXNIKA TA`MINOTI

Har bir mintaqaning demografik va jug’rofiy xususiyatlaridan kelib chiqib, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari tarmog’i barpo etiladi. Ta’lim oluvchilarni oiladan ajralmagan holda o’qishga imkon qadar ko’proq qamrab olinadi.

Mavjud ta’lim muassasalarini kapital ta’mirlash va yangi ta’lim muassasalari qurish, ularni normativ talablarga muvofiq, zamonaviy texnika va texnologiyalarning darajasini hisobga olgan holda jihozlanishini ta’minlash choralari ko’riladi.

O’quv-tarbiya muassasalarini zarur uskunalar, inventarlar, ashyolar, ta’limning texnikaviy, dasturiy va didaktik vositalari bilan jihozlash yuzasidan ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarishlarni vujudga keltirish qo’llab-quvvatlanadi. Barcha bosqichdagi ta’lim jarayonlarini kompьyuterlashtirish va axborotlashtirish amalga oshiriladi.

4.10. TA`LIM TIZIMINING YAXLIT AXBOROT MAKONINI VUJUDGA KЕLTIRISH

Zamonaviy axborot texnologiyalari, kompьyuterlashtirish va kompьyuterlar tarmoqlari negizida ta’lim jarayonini axborot bilan ta’minlash rivojlanib boradi. Ta’lim jarayonida ommaviy axborot vositalarining mavqei oshib boradi, televidenie va radioning ta’lim dasturlari intellektuallashuvi ta’minlanadi. Fan va ta’limning nashriyot bazasi rivojlantiriladi, o’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy, qomusiy adabiyotlar va ma’lumotnomalar bilan ta’minlashning barqaror tizimi shakllantiriladi.

4.11. TA`LIM XIZMATI KO’RSATISH BOZORINI RIVOJLANTIRISH

Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida marketingni rivojlantirish yo’li bilan ta’lim xizmati ko’rsatishning raqobatga asoslangan bozori shakllantiriladi. Davlat va nodavlat ta’lim muassasalari rivojlantiriladi, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobatga asoslangan muhit vujudga keltiriladi, ta’lim xizmati ko’rsatish bozori davlat yo’li bilan boshqarib boriladi. Asosiy ta’lim dasturlarida nazarda tutilmagan konsulьtativ va qo’shimcha ta’lim xizmatlaridan iborat pullik ta’lim xizmati ko’rsatish tizimi rivojlantiriladi.

4.12. TA`LIM SOHASIDA IJTIMOIY KAFOLATLARNI TA`MINLASH HAMDA BU SOHANI DAVLAT TOMONIDAN QO’LLAB-QUVVATLASH

Pedagogik faoliyatning obro’-e’tiborini va ijtimoiy maqomini oshirish yuzasidan davlat siyosati ro’yobga chiqariladi. Ta’lim oluvchilarning va pedagoglarning o’qishi, sog’ligi va dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Ta’lim muassasalari va sog’liqni saqlash organlari bolalar hamda o’quvchi yoshlarning sog’ligini saqlash va mustahkamlash uchun zarur choralarni ko’radilar. o’quv-tarbiya jarayonining sog’lomlashtirishga qaratilgan yo’nalishini ro’yobga chiqarish, sog’lom turmush tarzi normalarini joriy etish uchun sharoitlar ta’minlanadi. Ta’lim oluvchilarning tibbiy-gigiena madaniyatini oshirish, ularning jismoniy tarbiya va sport bobidagi faolligini kuchaytirish hamda jismoniy kamolot darajasini oshirish uchun tashkiliy-uslubiy yondashuvlar takomillashtiriladi. Sog’liq va rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalar uchun munosib muhit yaratiladi.

4.13. FAN BILAN TA`LIM JARAYONI ALOQALARINI RIVOJLANTIRISH

Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida ilg’or amaliy ilmiy tadqiqotlar o’tkaziladi, ta’lim sifati davlat ta’lim standartlariga muvofiq kelishini tashkil etish va ta’minlash maqsadida pedagogika va ta’lim sohasida ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-uslubiy qo’llanmalar ishlab chiqish faollashtiriladi. Fundamental va amaliy fan sohasidagi ilmiy kadrlarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki rag’batlantiriladi, pedagogik va ilmiy-tadqiqot jarayonlarining aloqasi ta’minlanadi. Yoshlarning fan-texnika sohasidagi ijodkorligi har tomonlama qo’llab-quvvatlanadi.

4.14. ISHLAB CHIQARISH VA TA`LIM TIZIMI INTЕGRATSIYALASHUVINI RIVOJLANTIRISH

O’quv-ishlab chiqarish majmualarini (markazlarini) tashkil etish va ularni rivojlantirish, zamonaviy uskunalar, apparatlar va asboblar bilan jihozlash rag’batlantiriladi. Kadrlar tayyorlash va birgalikdagi ilmiy-texnologik yechimlar yaratishda korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalaniladi. Ishlab chiqarishda kadrlar tayyorlash qo’llab-quvvatlanadi. Ilg’or texnologiya sohasida pedagog kadrlarning malakasi bevosita ishlab chiqarishda muntazam ravishda oshirib boriladi.

4.15. TA`LIM VA KADRLAR TAYYORLASH SOHASIDAGI XALQARO HAMKORLIK

Kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikning xalqaro-huquqiy bazasi yaratiladi, xalqaro hamkorlikning ustuvor yo’nalishlari ro’yobga chiqariladi, xalqaro ta’lim tizimlari rivojlantiriladi, ilmiy-pedagog kadrlar, talabalar va o’quvchilar almashish kengayadi. Ta’lim to’g’risidagi milliy hujjatlar xalqaro miqyosda e’tirof etilishi uchun asos yaratiladi. Manfaatdor vazirliklar va idoralarning, O’zbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixonalarining kadrlar tayyorlash sohasiga chet el investitsiyalarini bevosita va bilvosita keng jalb qilish borasidagi faoliyat kuchaytiriladi.

5. MILLIY DASTURNI RO’YOBGA CHIQARISHGA DOIR TASHKILIY CHORA-TADBIRLAR

Milliy dasturni amalga oshirish maqsadida:

Milliy dasturning yo’nalish va bosqichlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlari, muddatlari, ijrochilari, moliyaviy va resurslar ta’minoti ifodalangan yechim va chora-tadbirlar tizimi ishlab chiqiladi;

Milliy dasturni bajarish yuzasidan davlat va jamoat institutlarining faoliyati hamda vazifalari belgilanadi;

Milliy dasturning aniq yo’nalishlarini ishlab chiqish jarayoniga malakali chet el ekspertlari jalb etiladi;

Milliy dasturni bajarishda davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilib, xalqaro tashkilotlar qatnashuvi tashkil etiladi;

Milliy dasturning monitoringi va bajarilishini ekspertiza qilish asosida uning ayrim qoidalari va tadbirlariga tuzatishlar kiritiladi;

ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, kadrlar tayyorlash milliy modeli ro’yobga chiqarilishini ta’minlash masalalari yuzasidan seminarlar va konferentsiyalar o’tkazish orqali Milliy dasturning printsipial yondashuvlari hamda asosiy qoidalarini keng ko’lamda tushuntirish ishlari olib boriladi;

Milliy dasturning maqsad va vazifalarini amalga oshirish jarayoniga jamoat birlashmalari va markazlari, respublika aholisi keng tabaqalarining faol ishtiroki ta’minlanadi;

ommaviy axborot vositalarida Milliy dasturning bajarilishi muntazam yoritib boriladi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish yuzasidan Respublika komissiyasi tashkil etiladi, bu Komissiyaning zimmasiga dasturni bajarishga doir barcha ishlar va tadbirlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish, shu jumladan quyidagi vazifalar yuklanadi:

uzluksiz ta’limning tegishli turlari uchun davlat ta’lim standartlariga qo’yiladigan umumiy talablarni ishlab chiqish;

umumiy o’rta ta’lim uchun davlat ta’lim standartlarini va boshqa zarur normativ hujjatlarni ishlab chiqish;

o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun davlat ta’lim standartlarini, akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridan iborat ta’lim tizimini joriy etish dasturlarini ishlab chiqish;

o’rta umumiy ta’limga ega bo’lgan o’quvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlari tizimi bilan to’la qamrab olish tadbirlarini, bu tizimni hududlarning demografik, jug’rofik xususiyatlari va kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda joylashtirish, uning moddiy-texnika asosini yaratish;

akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ishlaydigan o’qituvchilar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun ta’lim muassasalarini tashkil etish hamda ularning samarali ishlashini ta’minlash;

oliy ta’lim muassasalari tizimini Milliy dastur talablariga binoan isloh qilish, bu borada tegishli davlat ta’lim standartlarini yaratish va joriy etish;

maktabgacha ta’lim va tarbiya muassasalari faoliyatini takomillashtirish, bolalar tarbiyasida va ularni maktabga tayyorlashda oila, mahalla hamda jamoat tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish;

ta’lim muassasalarini zarur darsliklar va adabiyotlar bilan ta’minlash, bu ishga yirik olimlar, yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ta’lim va ilm-fan sohasining nashriyot bazasini rivojlantirish;

professor va pedagog kadrlarni rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi ta’lim muassasalarida tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida maxsus Respublika jamg’armasi tashkil etish va uning faoliyatini ta’minlash;

810-403
200-120
400-101
MB2-707
300-320
350-018
300-101
210-260
300-208
MB2-707
810-403
200-120
400-101
CISSP
300-320
350-018
300-101
810-403
200-120
400-101
CISSP
300-320
350-018
300-101
210-260
300-208
MB2-707
400-201
SY0-401
70-462
EX200
100-101
1Z0-803
200-120
210-260
200-310
SY0-401
810-403
300-320
200-120
CISSP
400-101
810-403
300-320
210-060
300-070
210-260
300-075
300-101
NSE4
400-051
70-410
200-120
CISSP
400-101
810-403
300-320
210-060
300-070
210-260
300-075
1Z0-060
400-051
300-075
MB2-704
100-101
9L0-012
642-999
300-115
MB5-705
70-461
1V0-601
300-206
352-001
70-486
300-135
200-120
CISSP
400-101
810-403
300-320
210-060
300-070
210-260
300-075
300-101
NSE4
EX200
300-115
100-101
ADM-201
N10-006
200-120
210-260
200-310
SY0-401
810-403
300-320
400-101
70-533
N10-006
MB2-707
210-060
400-201
350-018
ADM-201
CISSP
810-403
200-120
400-101
CISSP
300-320
350-018
300-101
210-260
300-208
MB2-707
400-201
SY0-401
70-462
EX200
100-101
1Z0-803
200-120
CISSP
400-101
810-403
300-320
210-060
300-070
210-260
300-075
300-101
NSE4
EX200
300-115
100-101
ADM-201
N10-006

uzluksiz ta’lim tizimida chet tillarni faol o’rgatish uchun zarur sharoit yaratish, ularni o’rgatishning jadallashtirilgan uslublarini joriy etish, o’zbekcha-chet tillar lug’atlarini, davlat tilidagi maxsus adabiyotlarni nashr etish;

uzluksiz ta’lim sohasi o’qituvchilari va pedagog kadrlarini ijtimoiy himoya qilish va qo’llab-quvvatlash, ularning mehnatiga haq to’lash va rag’batlantirish tizimini qayta ko’rib chiqish bo’yicha takliflar ishlab chiqish;

ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o’tkazish va akkreditatsiyalash, kadrlar tayyorlashning malaka talablarini aniqlash hamda sifatini baholash ishlarini tashkil qilish va muvofiqlashtirish bo’yicha ta’lim tizimi boshqaruviga bog’liq bo’lmagan yagona davlat xizmatini tashkil etish;

ta’limni axborot bilan ta’minlash tizimini shakllantirish va rivojlantirish, uni jahon axborot tizimi bilan bog’lash, ommaviy axborot vositalarining ta’lim sohasidagi vazifalarini belgilash;

kasb-hunar ta’limi sohasida kadrlarga bo’lgan talab va taklifni o’rganishni tashkil etish, ta’lim xizmati ko’rsatish va kasbiy mehnatning raqobatga asoslangan bozorini hamda kadrlar tayyorlash sohasida marketingni shakllantirish.

Bizning manzil

Toshkent shahar,
Yakkasaroy tumani,
Qushbegi ko`chasi, 16-A-Uy
Indeks: 100022
Tel.: (+99871) 250-35-80
Fax.: (+99871) 250-93-73
E-mail: tashxis_markazi@xtv.uz

Markaz rekvizitlari

L/S:400110860262877950100075001
INN: 203830036
OKONX: 92200
Moliya vazirligi g`aznachiligi
R/S: 23402000300100001010
Toshkent shahri Markaziy banki
Toshkent shahri XKKM
MFO: 0014
INN: 201122919

Ko’rsatkichlar

Back to Top

loading