Templates by BIGtheme NET
Home » YANGILIKLAR » O‘zbekiston – Turkmaniston: do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik – hamkorlikning mustahkam poydevori
1

O‘zbekiston – Turkmaniston: do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik – hamkorlikning mustahkam poydevori

O‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, yaqin do‘st va qo‘shni bo‘lib kelgan. Tarixi, madaniy va diniy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari mushtarak ikki xalq bugun ham o‘zaro hamkorligu hamjihatlikda hayot kechirayotir. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy hurmat-ehtirom va ishonch, mustahkam huquqiy asosga ega munosabatlar o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik jamiyati raisi, xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri bilan suhbati shu haqda bo‘ldi.
– O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik, yaqin savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik aloqalari xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda. Bugun sur’at bilan rivojlanayotgan o‘zaro munosabatlar uchun qulay sharoit yaratgan tarixiy omillar haqida nima deya olasiz?
– O‘zbek va turkman xalqlarining tili bir va urf-odatlari bir-biriga yaqin, madaniyati uyg‘un, adabiyoti va san’ati umumiy. Turkman xalqi Alisher Navoiy g‘azallarini sevib o‘qiganidek, o‘zbeklar ham Maxtumqulini o‘z shoiridek ardoqlaydi.
Asrlar davomida o‘zaro ahil, tinch-totuvlikda yashab kelgan o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar mustaqillik yillarida yanada rivojlandi. Bugun O‘zbekiston – Turkmaniston aloqalari 2007 yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma asosida izchil ravnaq topmoqda.
Albatta, mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari rivojida davlat rahbarlarining yaqin do‘stligi, bir-biriga hurmati va ishonchi muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda Turkmanistonga tashriflari munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lida yangi sahifa ochdi.
O‘tgan yili may oyida Turkmaniston Prezidenti taklifi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar o‘quvchi Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasidagi “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markazida bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19-20 may kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida “Avaza” sayyohlik zonasining “Kamalak” bolalar ko‘ngilochar bog‘ida dam olayotan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi. Bunday tadbirlar ham ikki qardosh xalq o‘rtasida madaniy va do‘stlik aloqalari rivojiga xizmat qiladi.
– O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik jamiyati faoliyati haqida so‘zlab bersangiz.
– Qayd etish kerak, yurtimizda istiqomat qiluvchi turkman millatiga mansub aholining o‘z madaniyati, urf-odat va an’analarini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bunda xalq diplomatiyasi muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik jamiyati tomonidan ikki xalq o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Turkman xalqi madaniyati va an’analarini asrash va targ‘ib qilish maqsadida mamlakatimizning turkman millatiga mansub fuqarolari yashovchi hududlarda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda turli loyihalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinyapti. Jumladan, yurtimizdagi turkman yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z iste’dodi va iqtidorini namoyon qilishda yordam berishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim turkman tilida olib boriladigan maktablarda adabiy kechalar, uchrashuvlar va madaniyat kunlarini o‘tkazish an’ana tusini olgan.
O‘zbek va turkman xalqlarining milliy bayramlari munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqdaki, bu ko‘p millatli diyorimizda yoshlarni hamjihatlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, yagona Vatan yo‘lida umumiy maqsadlar sari birlashtirish imkonini bermoqda.
Qayd etish kerak, ikki qardosh xalqning nafaqat urf-odatiyu yashash sharoiti, balki, adabiyotga e’tibori, ma’naviyat sarchashmalari ham bir irmoqdan suv ichgan. Xususan, 2017 yilning may oyida Toshkentda turkman shoiri Maxtumquli nomidagi ko‘cha va shoir byustining ochilishi, iyun oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida ushbu atoqli turkman shoiri ijodiga bag‘ishlab tashkil etilgan davra suhbati fikrimizning yorqin misolidir.
– Til o‘zaro muloqot vositasigina bo‘lib qolmay, o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik hamdir. Mamlakatimizda turkman tili bilan bog‘liq vaziyat qanday?
– Yurtimizda yashovchi barcha millat va elatlarning o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, 44 maktabda ta’lim turkman tilida olib borilmoqda. Ular davlat ta’lim standartlari asosida turkman tilida chop etilgan darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan. Joriy yilda keng jamoatchilik, ota-onalar xohish-istaklariga ko‘ra, Prezidentimiz tavsiyasi bilan 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim joriy etildi. Shu tariqa o‘quvchilar o‘z ona tilida o‘rta ta’limni yakunlash imkoniga ega bo‘ldi. Birgina turkman tilidagi maktablar misolida oladigan bo‘lsak, o‘quv yili boshida 20 nomdagi 18 ming nusxada darslik chop etilib, maktablarga yetkazildi. Darsliklarni sifat jihatdan yangilash va boyitib borish maqsadida turkmanistonlik hamkasblar, tilshunos olim va adabiyotshunoslar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, iqtidorli o‘quvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladigan turli ijodiy tanlovlar turkman tilida ham tashkil etilyapti. Mashg‘ulotlarni turkman tilida olib boradigan mahoratli pedagoglarning ilg‘or tajribasi ommalashtirilmoqda. Hozirgi kunga qadar ana shunday ustoz-murabbiylarning ikki nafari “Do‘stlik” ordeni, bir nafari “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 2009 yildan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universitetida turkman filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qituvchilar tayyorlanmoqda.
Ilm-fan sohasidagi hamkorlik haqida so‘z borar ekan, qardosh xalqning ko‘plab o‘g‘il-qizlari yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganini ta’kidlash joiz. Bu qo‘shni mamlakatdan O‘zbekistonga bilim va kasb egallagani kelayotgan yoshlar safi kengayib borayotir.
Yurtimizda so‘nggi paytlarda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston ushbu soha ulkan salohiyatga ega. Shu bois Turkmaniston bilan turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ikki xalq san’at ustalari uchun o‘zaro muloqot maydonini kengaytirish do‘stlik jamiyatining ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA muxbiri

About Alimuhammad Nazirbayev

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*

ăn dặm kiểu NhậtResponsive WordPress Themenhà cấp 4 nông thônthời trang trẻ emgiày cao gótshop giày nữdownload wordpress pluginsmẫu biệt thự đẹpepichouseáo sơ mi nữhouse beautiful